Zamonaviy iqtisodiyot rivojlanishining asosiy manbalaridan biri – mamlakatning inson salohiyatidir. Inson resurslardan samarali foydalanish uchun aholining joylashuvi, tarkibi, ta’biiy ko‘payish ko‘rsatkichlari, ta'lim darajasi, iqtisodiy faolligi va shu kabi demografik ma’lumotlar zarur bo‘ladi. Aholi haqidagi barcha to‘liq ma'lumotlar bevosita aholini ro‘yxatdan o‘tkazish orqali to‘planadi. Aholini ro‘yxatga olish – mamlakat yoki muayyan hududda ma'lum vaqt yoki davrda yashayotgan aholining demografik, iqtisodiy va ijtimoiy ma’ lumotlarining jarayoni to`plami. Aholini ro‘yxatga olish ilmiy talablarga hamda amaliyot ehtiyojlariga javob berish, aholi soni, tarkibi va joylashishi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni yig‘ish maqsadida o‘tkaziladi. Aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha bir qancha ilmiy tamoyillar mavjud. Ularning ichida jami voqea va hodisalarni qamrab olish tamoyili eng muhimi hisoblanib, ro‘yxat o‘tkazilayotganda muayyan joydagi jami aholi qamrab olinishi shart. Aholini ro‘yxatga olish demografiya belgilari (jinsi, yoshi, oilaviy holati), iqtisodiy belgilari (mashg‘uloti, iqtisodiy faoliyat sohasi yoki turi), ma'lumoti (savodliligi, maktabga borishi), etnik alomatlari (millati, tili) va hokazo ma'lumotlar olinadi. Ushbu ma'lumotlar vaqt va hudud doirasida taqqoslashga yaroqli bo‘lishligi uchun, jami aholiga bir xil mazmundagi savollar taqdim qilinishi kerak, ya'ni mamlakat miqyosida aholini ro‘yxatdan o‘tkazish yagona dastur asosida o‘tkazilishi shart. Bunda BMT tomonidan berilgan tavsiyalarga tayaniladi. Aholiga tegishli ma'lumotlar aniq bo‘lishligi uchun ularni har bir kishidan shaxsan olinadi. Ro‘yxat odamlarning o‘z joyida muqim yashab turgan davrida, ya'ni asosan qishda qisqa muddatda, bir necha kun yoki hafta mobaynida o‘tkaziladi, lekin barcha ma'lumotlar kritik (jiddiy) lahzasi (odatda ro‘yxatga olishning birinchi kuni) da olinadi, shungacha o‘lganlar va tug‘ilganlar ko`rsatilmaydi. Javoblar ro‘yxat varaqalariga yagona nusxada yoziladi. Aholini ro‘yxatdan o‘tkazishda aholi soni va tarkibi haqidagi ma'lumotlarni ma'lum bir sanaga mo‘ljallab berishi lozim. Shartni bajarish uchun ro‘yxat o‘tkazish bo‘yicha sana va vaqti aniq ko‘rsatilishi kerak. Mazkur vaqt ro‘yxatning kritik lahzasi deyiladi. Qadimdan aholini hisobga olishning xilma – xil usullari mavjud bo‘lgan. Yunoniston, Bobil (Mesopotamiya), Misr, Rim, Xitoy va Yaponiyada aholi hisobga olinganligi tarixiy manbalardan ma'lum. Ular asosan fiskal (soliq olish) va harbiy maqsadlarni ko‘zlagan holda o‘tkazilib, odatda faqat erkaklarni, ya'ni harbiy harakatlarda ishtirok etish hamda soliq to‘lash imkoniyati bor shaxslarni qamrab olgan. Jami aholi soni va tarkibi haqidagi ro‘yxat birinchi marta 1790- yilda AQSh da o‘tkazilgan. 1801 – yilda Buyuk Britaniya, Fransiya, Daniya va Norvegiyada o‘tkazilgan. XIX asrning o‘rtalariga kelib Yevropa mamlakatlarida maxsus statistik tashkilotlar barpo qilinganligi aholini ro‘yxatga olishni sifatli o‘tkazishning muhim omili bo‘ldi. Dunyo mamlakatlarida 1870 – 79 yillarda 48 ta, 1880 – 89 yillarda 54 ta, 1890 – 99 yillarda 57 ta, XX asrning dastlabki o‘n yilligida 74 ta davlatda aholi ro‘yxatga olish o‘tkazildi. Aholini ro‘yxatga olish XX asrning boshida yer yuzi jami aholisining 64 foizini qamrab oldi. Ikkinchi jahon urushidan keyin aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish yana ham keng tus oldi. Aholini ro‘yxatga olish 1945-54 yillarda 168 mamlakatda, 1969 – 74 yillarda 179 mamlakatda o‘tkazildi. Hozirgi vaqtda aholini ro‘yxatga olish dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida o‘tkazilmoqda. Respublikamizda demografik jarayonlarning holatini o‘rganishda mamlakat hududida o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish ma‘lumotlari muhim ahamiyat kasb etadi. Manbalarda keltirilishicha, O‘zbekistonda 1897, 1926, 1939, 1959, 1970, 1979, 1989 yillarda aholini ro‘yxatga olish ishlari o‘tkazilgan. O‘zbekiston hududida dastlabki aholi ro‘yxatga olish 1897 yilda o‘tkazilgan bo‘lib, ushbu ro‘yxatga olish tadbiri ma'lumotlari XIX asr oxirida O‘zbekistonda mavjud oilalar, aholi soni, aholining yoshi va jinsi, etnik tarkibi, tug‘ilish, o‘lim kabi demografik jarayonlar haqida tasavvur hosil qilishga yordam bergan. 1897 yilda 3730 ming kishi yashagan bo‘lsa, 1926 yilda 4460 ming, 1959 yilda 8261 ming, 1970 yilda 11799 ming, 1979 yilda 15391 mingni tashkil etgan. Aholini ro‘yxatga olishning umumiy qoidalariga ko‘ra, ro‘yxatga olish masalan 2024 yil 1-25 noyabr kunlari o‘tkazilsa va ro‘yxatga olish boshlanishining aniq payti 2024 yil 1-noyabr soat 00.00 etib belgilanadi. Ro‘yxatga olishni o‘tkazish davomiyligi 25 kunni tashkil etadi. Respondentlarning shaxsga doir ma’ lumotlarini yig‘ishda ro‘yxatga olish sanasidan keyin sodir bo‘lgan demografik holatlar hisobga olinmaydi. 2024-yil 1-noyabrdan keyin tug‘ilgan bolalar uchun ro‘yxatga olish hujjatlari to‘ldirilmaydi, biroq ushbu sanadan keyin vafot etgan shaxslar uchun to‘ldiriladi. Bunda vafot etgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar uning voyaga yetgan, muomala layoqatiga ega oila a'zolari yoki mahalla idorasidagi mavjud ma'lumotlar asosida to‘ldiriladi. Aholini ro'yxatga olish ma'lumotlari “ijtimoiy himoya”, “investitsiya”, “uy-joy”, “sog‘liqni saqlash”, “madaniyat”, “turizm”, “ta'lim”, “yo‘l qurilishi va infratuzilma” kabi manzilli dasturlarning tayyorlanishi va amalga oshirilishida xizmat qiladi. Kelgusida aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga asoslanib, ushbu dasturlar natijalarini baholash, iqtisodiy prognozlash va demografik siyosatni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega. Mamlakatda rejalashtirilgan aholini ro‘yxatga olish ishlari hududlarning geografik va demografik qiyofasi yaratilishiga xizmat qiladi.
URGANCH TUMANI STATISTIKA BO'LIMI