Sessiya ishida tumanni ishsizlik va korrupsiyadan holi hududga aylantirish hamda “Obod xonadon”, “Obod koʻcha” va “Obod mahalla” mezonlarini joriy etishda sektor rahbarlari tomonidan “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash boʻyicha 2024-yilning I choragida amalga oshirilgan ishlari yuzasidan hisobotlari eshitildi. Har bir sektor rahbarining joriy yil yakuniga qadar aholi bandligini taʼminlash boʻyicha dasturlari taqdimot qilindi.Shuningdek, tanqidiy ruhda oʻtkazilgan ushbu yigʻilishda tumandagi kommunal soha (elektr taʼminoti, gaz, ichimlik suvi, yoʻl) tashkilotlari rahbarlarining ham hisobotlari eshitilib, aholi muammolari bilan bogʻliq masalalarni hal qilishda ular tomonidan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar koʻrsatib oʻtildi. Sessiya yigʻilishida elektr, gaz, ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash va tuproq yoʻllarni shagʻallashtirish yuzasidan ushbu tashkilotlarning joriy yil yakuniga qadar har bir mahalla kesimida reja-jadvallari muhokama qilindi va tasdiqlandi.
Yigʻilishga yuqoridagi sohalar boʻyicha eng koʻp murojaat qilgan fuqarolar taklif etilib, ularga mahallalarida amalga oshiriladigan ishlarning reja-jadvallari tushuntirildi. Sessiya kun tartibidagi masalalar boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi hamda tasdiqlangan reja-jadvallarni tumandagi har bir mahalla binosida barcha koʻrinarli joylarga ilib qoʻyish belgilandi.