×
12-ноя 2024 yil 24

Aholini roʻyxatga olish zarurati faqat demografik koʻrsatkichlar bilan chegaralanib qolmaydi

 Aholini roʻyxatga olish zarurati faqat demografik
 koʻrsatkichlar bilan chegaralanib qolmaydi

 

Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish hamda ularga ishlov berish davriy jarayoni hisoblanadigan aholini roʻyxatga olish  mamlakat hududida millati, elatidan qatʼiy nazar barcha insonlarni birlashtiradigan umummilliy tadbir boʻlib, uning oʻtkazilishidan barcha, siyosiy qarashlari va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar birdek manfaatdordir. 
Boisi, mazkur yirik ijtimoiy tadbir orqali, birinchi navbatda, jami aholining  soni, fuqaroligi, nikoh holati yaʼni rasmiy nikoh, norasmiy nikoh yoki erta nikoh, odamlarimizning taʼlim darajasi (oʻrta, oʻrta maxsus yoki oliy), yashash uchun daromad manbalari, uysizlar soni, uy xoʻjaligining yashash sharoitlari kabi bir qancha koʻrsatkichlar boʻyicha bugungi kunda yetarlicha mavjud boʻlmagan maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi. 
 Shaharcha, mahalla, qishloq va ovullar soni hamda ularning chegaralari, turar joylar soni, ulardagi mavjud shart-sharoitlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga aniqlik kiritiladi. Aholini roʻyxatga olish tadbirida barcha fuqarolar ishtirok etishi talab etiladi. Shundan kelib chiqqan holda, aytish mumkinki, har 10-15 yilda oʻtkazilishi belgilangan aholini roʻyxatga olish, avvalo, davlat yoki hukumat emas, balki jamiyatning oʻzi uchun zarur boʻlib, u vaqti-vaqti bilan oʻz-oʻzini koʻzguda koʻrish orqali rivojlanish natijalarini baholash imkoniyatidir.

 

Aholi sonini roʻyxatga olish mamlakatda yashovchi barchaga tegishli boʻlgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy maʼlumotlarni yigʻish, umumlashtirish, baholash, tahlil va eʼlon qilishning yagona jarayonidir. U aholi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning asosiy manbai boʻlib, kelgusi 10-20 yillik rivojlanishning prognoz koʻrsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi va aholi migratsiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar shakllantiriladi.


  Aholini roʻyxatga olish yana bir jihati bilan muhimdir. Bu - hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning roʻyxatini tuzish bilan bogʻliq masaladir. Shu sababdan bu  jarayonlarni xalqaro talablarga mos va sifatli oʻtkazishda kartografik materiallarning aniqligi muhim hisoblanadi. Yana ham aniqroq aytganda, turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini oʻtab boʻlgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat obyektlarni qurish va taʼmirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi.

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech