PAXTA XOM ASHYOSINI YETISHTIRISH VA SOTISHDA BOZOR MEXANIZMLARINI QO‘LLASHNI IZCHIL DAVOM ETTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Paxta xom ashyosini yetishtirish va sotish tizimini moliyalashtirishni bozor mexanizmlariga moslashtirish, paxta tannarxini maqbullashtirish, paxta xom ashyosini birja savdolari orqali sotishni yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, xo‘jaliklarning va qayta ishlovchilarning moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadida:
1. Belgilansinki, 2025-yil paxta hosilidan boshlab:
O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi (keyingi o‘rinlarda — Birja) kalendar yilining 1-noyabr kunida (2025-yil hosili uchun 1-fevralda) paxta tolasining Nyu-York birjasidagi fyuchers kotirovkalarining oxirgi 6 oydagi o‘rtacha kotirovkasidan kelib chiqqan holda kelgusi yil hosili uchun paxta xom ashyosining boshlang‘ich narxini (birinchi nav, ikkinchi sinf) aniqlab, Birjaning rasmiy veb-saytida e’lon qiladi;
mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha paxta xom ashyosi yetishtiruvchi xo‘jaliklar (keyingi o‘rinlarda — xo‘jaliklar) va klasterlar hamda paxta xom ashyosini qayta ishlash va ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega to‘qimachilik korxonalari (keyingi o‘rinlarda — qayta ishlovchilar) o‘rtasida paxta xom ashyosi yetkazib berish bo‘yicha oldi-sotdi (fyuchers, forvard va spot) shartnomalari (keyingi o‘rinlarda — shartnomalar) Birjaning paxta xom ashyosi seksiyasida har bir hudud (Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoki tegishli viloyat) bo‘yicha alohida o‘tkaziladigan savdolarda tuziladi;
xo‘jaliklar hamda qayta ishlovchilar o‘rtasida tuziladigan shartnomalar tomonlarning erkin tanlovi asosida o‘tkaziladigan birja savdolari orqali xo‘jaliklar tomonidan yetkazib berish muddatlarini hamda bir yoki bir nechta xaridorni mustaqil ravishda tanlash orqali rasmiylashtiriladi;
Birjada barcha shartnomalar “Agroplatforma” axborot tizimi bilan integratsiya qilingan ma’lumotlar bazasida mavjud bo‘lgan xo‘jaliklar va qayta ishlovchilar o‘rtasida tuziladi.
2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2025-yil paxta hosilidan boshlab:
a) fyuchers shartnomalari kalendar yilning 1-noyabridan keyingi yilning 1-iyunigacha xo‘jaliklar va qayta ishlovchilar o‘rtasida birjada erkin shakllanadigan, biroq e’lon qilingan boshlang‘ich narxdan past bo‘lmagan narxda tuziladi.
Bunda fyuchers shartnomasi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) resurslari hisobidan imtiyozli kredit ajratishga asos bo‘ladi va imtiyozli kredit e’lon qilingan boshlang‘ich narxdan kelib chiqib ajratiladi;
b) forvard shartnomalari kalendar yilning 1-noyabridan keyingi yilning 1-martigacha xo‘jaliklar va qayta ishlovchilar o‘rtasida o‘zaro kelishilgan narxlarda tuziladi.
Bunda paxta xom ashyosini yetishtirish xarajatlari xo‘jaliklar va qayta ishlovchilarning o‘z mablag‘lari yoki tijorat kreditlari hisobidan amalga oshiriladi;
v) spot shartnomalari real vaqt rejimida omborda saqlanayotgan paxta xom ashyosi hajmiga xo‘jaliklar va qayta ishlovchilar o‘rtasida o‘zaro kelishilgan narxda tuziladi. Bunda:
xo‘jaliklarga Jamg‘arma resurslari hisobidan imtiyozli kreditlar ajratishda bankka kredit qiymatining 50 foizi miqdorida likvidli mol-mulk taqdim etiladi;
spot shartnomalari rasmiylashtirishni rejalashtirgan xo‘jaliklar har hosil yilining 1-martigacha (2025-yil hosili uchun 1-maygacha) mavjud paxta xom ashyosini saqlash omborlari (maskan) belgilangan talablarga javob berishi yuzasidan Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi va boshqa tegishli idoralar tomonidan berilgan xulosani yoki xuddi shunday xulosasi mavjud omborlarda vaqtincha saqlash bo‘yicha tuzilgan ijara shartnomasini “Agroplatforma” axborot tizimiga kiritishi shart;
g) saqlash omborlari yoki ijara shartnomalari mavjud bo‘lmagan xo‘jaliklar o‘zi yetishtiradigan paxta xom ashyosi bo‘yicha har hosil yilining 1-martigacha forvard yoki 1-iyunigacha fyuchers shartnomalari rasmiylashtiradi.
3. Belgilansinki, 2025-yil hosilidan boshlab:
paxta xom ashyosini o‘z mablag‘lari va tijorat kreditlari hisobidan yetishtirib, Birjada sotgan xo‘jaliklarga shakllangan hisobvaraq-faktura qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi;
paxta xom ashyosini yetishtirish uchun olingan imtiyozli kreditlarni hosil yilining yakuniga (tegishli yilning 31-dekabriga) qadar qaytargan xo‘jaliklarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovlarining 4 foizlik punktini subsidiya sifatida qaytarib berish tartibi joriy etiladi;
mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha tadbirkorlik subyektlariga, shu jumladan, fermerlar hamda kooperativlarga paxta xom ashyosini saqlash va birlamchi (tegirmon usulida) qayta ishlash xizmatlarini tashkil etish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalarni sotib olishga Jamg‘arma resurslari hisobidan tijorat banklari tomonidan Markaziy bankning asosiy stavkasida (shundan 2 foiz bank marjasi) uch yil muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan kreditlar ajratiladi. Bunda tadbirkorlik subyektlari faqat paxta xom ashyosini qayta ishlab berish bilan shug‘ullanadi va paxta xom ashyosini sotib olish huquqiga ega bo‘lmaydi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan subsidiyalarni ajratish tartiblarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qayta ishlovchilar tomonidan faoliyati davomida bankrotlik e’lon qilinib, keyinchalik ushbu korxonalar faoliyati tiklanganda, bankrotlik davri mobaynida tijorat banklari tomonidan to‘xtatilib va undirilmagan foiz xarajatlari to‘liq to‘lab berilishi yuzasidan amaldagi qonunchilikka o‘zgartirish kiritish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi har yili 1-sentabrga qadar:
Transport vazirligi bilan birgalikda paxta xom ashyosini tashish xarajatlarining xaridor tomonidan qoplanishini nazarda tutuvchi tavsiyaviy tarifni;
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan birgalikda paxta xom ashyosini qabul qilish, saqlash va qayta ishlash bo‘yicha xizmat tariflarining cheklangan miqdorini tasdiqlaydi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 19-iyundagi “Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash xarajatlarini moliyalashtirishning uzluksizligini ta’minlash to‘g‘risida”gi PF-98-son Farmoniga asosan Jamg‘arma xarajatlarini moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ajratilgan kreditlarning qoldiq qismini qaytarish muddati 5 yilga uzaytirilsin.
7. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Jamg‘arma resurslari hisobidan istiqbolli loyihalari bor paxta-to‘qimachilik klasterlariga 2022-2023-yillar paxta hosilini yetishtirish va terimini moliyalashtirish uchun ajratilgan kreditlarning muddatlarini uzaytirish va muddatlariga mutanosib ravishda foiz stavkalarini belgilash yuzasidan tegishli qarorni tasdiqlasin.
Bosh prokuratura (J. Xatamov) muddati uzaytiriladigan kreditlarning o‘z muddatlarida qaytarilishi ustidan nazorat o‘rnatsin.
8. Qishloq xo‘jaligi vazirligi uch oy muddatda:
Paxtachilik kengashi hamda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda paxta xom ashyosini navlar bo‘yicha qabul qilishning davlat standartlariga o‘zgartirishlar kiritsin;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda qishloq xo‘jaligini sifatli, hosildorligi yuqori va kasalliklarga chidamli urug‘lik bilan ta’minlash hamda import urug‘ga bo‘lgan talab o‘sishining oldini olish maqsadida seleksioner olimlar, urug‘chilik korxonalari, shu jumladan, xususiy korxonalarning manfaatdorligini oshirish tizimini tubdan yaxshilash bo‘yicha takliflarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
paxta va g‘alla qabul qilish maskanlaridagi elektron tarozidagi ma’lumotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Hosil qabuli” axborot tizimiga uzatilishini yo‘lga qo‘ysin.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda “Hosil qabuli” axborot tizimini takomillashtirish bo‘yicha ishlarni yakuniga yetkazish maqsadida klasterlar, kooperativlar va to‘qimachilik korxonalariga qabul maskanlarini kuzatuv kameralari bilan jihozlash, dasturiy yechimlarni joriy etish, uzluksiz internet va quvvat manbalarini o‘rnatish kabi kompleks xizmatlar taqdim etsin.
9. Qishloq xo‘jaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Birja, manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda donni qabul qilish va omborlardan chiqarish, shuningdek, birja savdolarida sotish jarayonlari tezkor va shaffof amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida tegishli axborot tizimlarini Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Hosil qabuli” axborot tizimi bilan integratsiya qilsin.
10. Qishloq xo‘jaligi vazirligi:
a) Savdo-sanoat palatasi va O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda har yili avgust oyida paxta xom ashyosini qabul qiluvchi korxonalarning (klasterlar, kooperatsiyalar) paxta xom ashyosini qabul qilish bilan shug‘ullanuvchi xodimlarini elektron tarozi va “Hosil qabuli” axborot tizimi bilan ishlash uchun qayta tayyorlab borishni tashkil etsin;
b) Suv xo‘jaligi vazirligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:
dastlabki bosqichda sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanuvchi subyektlar yerlari tuproqlarining tahlil ma’lumotlari, tuproq holati, xossa-xususiyatlari, unumdorligi, gumus va ozuqa miqdorlari, sho‘rlanishi, eroziyasi to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlarni aks ettirgan tegishli xaritalar hamda har bir kontur va ekin turiga qarab ilmiy asoslangan tavsiyalarni o‘z ichiga oluvchi “tuproq-pasporti”ning 2026-yil yakuniga qadar ishlab chiqilishini;
2027-yil hosilidan boshlab, ekinlarni joylashtirish, agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini moliyalashtirish jarayonlari “tuproq pasporti”ga muvofiq ilmiy asosda amalga oshirilishini ta’minlasin.
11. Birja Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda paxta xom ashyosini sotish bo‘yicha fyuchers, forvard va spot shartnomalarining shakllarini mazkur Farmon bilan belgilangan tartibga muvofiqlashtirsin.
12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Birja bilan birgalikda bir oy muddatda barcha xo‘jaliklar va qayta ishlovchilar uchun birjada ishtirok etish tartibi yuzasidan o‘quv seminarini tashkil etish choralarini ko‘rsin.
13. O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zkimyosanoat” AJ hamda Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda suv tejovchi texnologiyalar qo‘llanayotgan maydonlarni suvda eriydigan mineral o‘g‘itlar bilan ta’minlash maqsadida respublikadagi kimyo sanoati korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan mineral o‘g‘itlarga nisbatan qo‘yilgan texnik talablarni qayta ko‘rib chiqsin hamda mineral o‘g‘itlarning suvda eruvchanlik darajasini texnik talablarda qat’iy belgilasin.
14. “O‘zkimyosanoat” AJ Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda har oyda kamida bir marta hududlarda “O‘zkimyosanoat” AJ tizimidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan mineral o‘g‘itlarning sifati va xususiyatlari yuzasidan dehqon, fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari ishtirokida tahlillar o‘tkazish, ularning fikrlarini o‘rganish hamda maqbul takliflarni amaliyotga tatbiq etish tizimini yo‘lga qo‘ysin.
15. Belgilansinki, 2025-yil 1-apreldan boshlab paxta xom ashyosi va undan tayyorlangan barcha turdagi mahsulotlar bo‘yicha elektron hisobvaraq-faktura rasmiylashtirilganda bir vaqtning o‘zida tovar-transport yuk xatini ham rasmiylashtirish talab etiladi. Bunda:
ushbu mahsulotlar turlari ro‘yxati Mahsulotlar (tovar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogi kodlari bo‘yicha Soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.
ushbu bandning birinchi xatboshisida ko‘rsatilgan muddatdan so‘ng elektron hisobvaraq-faktura va tovar-transport yuk xati rasmiylashtirilmagan va omborlarda saqlanayotgan tovar-moddiy zaxiralar qoldiqlari soliq organlari tomonidan sanoqdan (inventarizatsiyadan) o‘tkazilmaydi va soliq solish maqsadlarida soliq to‘lovchining omborida mavjud emas deb hisoblanadi hamda soliq bazasini yashirish (kamaytirib ko‘rsatish) deb baholanadi.
16. Tadbirkorlik subyektlari tomonidan barcha paxta xom ashyosi va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlar bo‘yicha mavjud tovar-moddiy zaxiralar to‘g‘risidagi ma’lumotlar 2025-yil 1-aprelga qadar soliq organlarining ma’lumotlar bazasiga kiritilishi ta’minlansin.
17. Soliq qo‘mitasi ikki oy muddatda tadbirkorlik subyektlariga ularning hisobotlariga asosan qoldiqda qolayotgan tovarlar turlari va miqdorlarini ko‘rsatish imkonini beruvchi dasturiy ta’minotni ishga tushirsin.
Bunda, mazkur dasturiy ta’minotni ishlab chiqish bilan bog‘liq xarajatlar Soliq qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
18. O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Birja hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari bilan birgalikda 2025-yil 1-martga qadar ushbu Farmonning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari, shu jumladan, klaster va fermer xo‘jaliklari orasida keng yoritish ishlarini tashkil etsin.
19. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hamda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
20. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosarlari J.A. Qo‘chqorov va J.A. Xodjayev hamda qishloq xo‘jaligi vaziri I.Y. Abduraxmonov belgilansin.
Farmon ijrosini nazorat qilish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 17-yanvar,
PF-7-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-yanvardagi PF-7-son Farmoniga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-6179-son Farmonida:
a) 4-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“maqsadli subsidiyalarni”;
ikkinchi — to‘rtinchi xatboshilar tegishincha uchinchi — beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) 2-ilovada:
“O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Kengashi” bloki quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Kengashi”;
“Agrar sohani moliyalashtirish boshqarmasi 8” bloki quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Agrar sohani moliyalashtirish boshqarmasi 10”;
“Qishloq xo‘jaligini texnika bilan jihozlashni moliyalashtirish bo‘limi 2” bloki quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qishloq xo‘jaligini texnika bilan jihozlashni moliyalashtirish bo‘limi 3”;
izoh qismidagi “32” raqami “35” raqami bilan almashtirilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi “Respublika hududlarini toifalarga ajratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning tabaqalashtirilgan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-287-son Farmoni 8-bandining “b” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) amal qilish muddati belgilanmagan:
agrar va oziq-ovqat sohalarida faoliyat yuritayotgan yuridik va jismoniy shaxslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan taqdim etiladigan moliyaviy yordam turlari, shu jumladan, subsidiyalar 2026-yil 1-yanvarga qadar;
boshqa subsidiyalar 2025-yil 1-yanvarga qadar joriy etilgan hisoblanadi”.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligida erkin bozor munosabatlarini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-205-son Farmonida:
a) 1-bandda:
ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
uchinchi — oltinchi xatboshilar tegishincha ikkinchi — beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) 5-bandda:
birinchi xatboshidagi “2024” raqami “2025” raqami bilan almashtirilsin;
“a” kichik band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“paxta xom ashyosi yig‘im-terimi uchun — paxta xom ashyosi yalpi qiymatining 20 foizigacha yillik 10 foiz stavkada (shundan, bank marjasi 2 foiz) 4 oyga kredit ajratiladi”;
“b” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) klasterlar hamda paxta xom ashyosini qayta ishlash va ip kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega to‘qimachilik korxonalariga:
paxta xom ashyosi yalpi hosili xaridi bo‘yicha yakuniy hisob-kitob uchun paxta xom ashyosi qiymatining 80 foizigacha yillik 14 foiz stavkada, 60 foizigacha yillik 10 foiz stavkada (shundan, bank marjasi 2 foiz) 12 oyga, shu jumladan, 6 oylik imtiyozli davr va oxirgi 6 oy davomida teng ulushlarda qaytarish sharti bilan;
ijara huquqi mavjud bo‘lgan yer uchastkasida paxta xom ashyosi yetishtirish uchun — paxta xom ashyosi qiymatining 60 foizigacha yillik 10 foiz stavkada (shundan, bank marjasi 2 foiz) 18 oyga, shu jumladan, 12 oylik imtiyozli davr va oxirgi 6 oy davomida teng ulushlarda qaytarish sharti bilan;
ijara huquqi mavjud bo‘lgan yer uchastkasida yetishtiriladigan paxta xom ashyosining yig‘im-terimi uchun — paxta xom ashyosi qiymatining 20 foizigacha yillik 10 foiz stavkada (shundan, bank marjasi 2 foiz) 12 oyga, shu jumladan, 3 oylik imtiyozli davr va oxirgi 9 oy davomida teng ulushlarda qaytarish sharti bilan kredit ajratiladi”.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi “Suv xo‘jaligida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish va rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash to‘g‘risida”gi PF-74-son Farmoniga 5-ilovaning izoh qismi ikkinchi xatboshisi “lavozim maoshiga belgilangan koeffitsiyentlarda va miqdorlarda” so‘zlaridan keyin “suv xo‘jaligi sohasidagi davlat va xalqaro tashkilotlardagi ish stajidan kelib chiqib” so‘zlari bilan to‘ldirilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-iyuldagi “Paxtachilik sohasi korxonalarining iqtisodiy-moliyaviy holatini yaxshilashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-103-son Farmoni 1-bandining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) kredit resurslari hisobidan 2023-yil hosili uchun paxta xom ashyosini yetishtirish xarajatlariga tijorat banklari tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlarni to‘liq qaytargan, shu bilan birga imtiyozli kreditlarning qoldig‘ini qaytarish muddatini 2025-yil 1-aprelga qadar uzaytirgan biroq 2024-yil 1-dekabrga qadar to‘liq qaytargan klasterlarga ushbu kredit bo‘yicha foiz to‘lovlari (bank marjasidan tashqari) 2025-yil 1-martga qadar Jamg‘arma hisobidan qaytarib beriladi”.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-noyabrdagi “Iqtisodiyot tarmoqlarida birja mexanizmlaridan foydalanishni kengaytirish hamda birja savdolarini tartibga solish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-430-son qarorining 4-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Belgilab qo‘yilsinki:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan birja savdolari natijalariga ta’sir etuvchi, shu jumladan, tovar bozori ishtirokchilari hamda ular tomonidan beriladigan narxlarga cheklovlar o‘rnatish yuzasidan qarorlar qabul qilinishi yoki ko‘rsatmalar berilishi taqiqlanadi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining tegishli qarorlariga muvofiq bozor tamoyillari asosida monopolist korxonalar va (yoki) ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar yoki ustav fondining (kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan birja savdolari orqali sotilishi belgilangan yuqori likvidli, monopol va talab yuqori bo‘lgan mahsulot turlari, xom ashyo va materiallar 2027-yil 1-dekabrga qadar faqat O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi orqali realizatsiya qilinadi”.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-465-son qaroriga 8-ilovaning 2-pozitsiyasi “Ijro muddati” ustunidagi “Bir oy muddatda” so‘zlari “Uch oy muddatda” so‘zlari bilan almashtirilsin.
8. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-maydagi “Fermer xo‘jaliklarining nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari iste’mol qiladigan elektr energiyasi qiymatini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan subsidiyalar ajratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 320-son qarorining 6-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Paxta va g‘alla yetishtiruvchi xo‘jaliklar tomonidan 2023-2024-yillarda paxta va g‘alla yetishtirishda foydalanilgan elektr energiyasi xarajatlarining bir qismini qoplash uchun “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali 2025-yil 1-yanvarga qadar taqdim etilgan arizalar bo‘yicha subsidiya mablag‘lari istisno tariqasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan 2025-yilda ajratib berilsin.
2023-yilda paxta xom ashyosi va g‘alla yetishtirishda sug‘orish ishlariga sarflangan elektr energiyasi miqdori qishloq xo‘jaligi ekinlarini gidromodul rayonlashtirish va sug‘orish rejimidan kelib chiqib aniqlanadi. Bunda qiymati qoplab beriladigan elektr energiyasi miqdori haqiqatda sarflangan elektr energiyasi miqdorining 50 foizidan oshib ketmasligi lozim”.
9. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 11-martdagi 130-son qarori bilan tasdiqlangan Bug‘doy yetishtirish xarajatlarini kreditlash tartibi to‘g‘risida nizomda:
13-banddan “xom ashyosi” so‘zi chiqarib tashlansin;
quyidagi mazmundagi 131-band bilan to‘ldirilsin:
“131. Bug‘doy yetishtirish xarajatlarini kreditlash uchun Jamg‘arma kreditlari hisobidan tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlar doirasida sug‘urta shartnomalari bo‘yicha vositachilikni taqdirlash to‘lovlarini hisoblashga yo‘l qo‘yilmaydi”.
10. Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-avgustdagi “Agrar va oziq-ovqat sohalari uchun subsidiya ajratish tizimini takomillashtirish va uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 331-son qarori 1-bandining uchinchi xatboshisidagi “2025” raqami “2026” raqami bilan almashtirilsin.
11. Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi “Paxta xom ashyosini yetishtirish va paxta yig‘im-terimi xarajatlarini kreditlash hamda ularni realizatsiya qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 680-son qarorida:
a) 1-ilovada:
beshinchi xatboshidagi “fyuchers” so‘zi “fyuchers, forvard, spot” so‘zlari bilan almashtirilsin;
yettinchi xatboshidagi “12” raqami “6” raqami bilan almashtirilsin;
3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Paxta xom ashyosi uchun e’lon qilingan boshlang‘ich narxdan past bo‘lmagan narxda paxta xom ashyosini yetishtiruvchilar va paxta-to‘qimachilik klasterlari, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan korxonalar o‘rtasida fyuchers shartnomalari kalendar yilning 1-noyabridan keyingi yilning 1-iyunigacha tuziladi”;
6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Jamg‘arma o‘zining kredit resurslarini tijorat bankiga paxta xom ashyosini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun normativ hosildorlik (sentner/gektar), paxta yig‘im-terimi va yakuniy hisob-kitob xarajatlarini moliyalashtirish uchun yalpi hosildorlik asosida moliya yilidan oldingi yilning 1-noyabrida e’lon qilingan boshlang‘ich narxdan kelib chiqib hisoblangan qiymat asosida joylashtiradi.
Bunda paxta xom ashyosi yig‘im-terimi va yakuniy hisob-kitobi xarajatlarini moliyalashtirishda spot shartnomasida belgilangan narx e’lon qilingan narxdan past bo‘lganda, moliyalashtirish spot shartnomasida belgilangan narx bo‘yicha amalga oshiriladi”;
“a” kichik band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“paxta xom ashyosi yig‘im-terimi uchun — paxta xom ashyosi yalpi qiymatining 20 foizigacha yillik 10 foiz stavkada (shundan, bank marjasi 2 foiz) 4 oyga kredit ajratiladi”;
“b” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) yer uchastkasiga egalik huquqi bo‘lgan paxta-to‘qimachilik klasterlarining paxta xom ashyosini yetishtirish xarajatlarini kreditlash uchun 18 oy muddatga (bunda kreditni qaytarish 13-oydan boshlanadi), 12 oylik imtiyozli davr va so‘nggi 6 oyda teng ulushlarda qaytarish sharti bilan, paxta xom ashyosi qiymatining 60 foizigacha yillik 8 foiz stavkada, kredit resurslarini qaytarish muddatini uzaytirish huquqisiz joylashtiradi;
“d” kichik banddagi “80 foizigacha (shundan, 20 foizi paxta yig‘im-terimi xarajatlari uchun), yillik 8 foiz stavkada,” so‘zlari “80 foizigacha yillik 12 foizda, 60 foizigacha yillik 8 foiz stavkada” so‘zlari bilan almashtirilsin;
13-band quyidagi mazmundagi to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“spot shartnomasi bo‘yicha imtiyozli kredit qiymatining 50 foizi miqdoridagi likvidli mol-mulk”;
to‘rtinchi xatboshi beshinchi xatboshi deb hisoblansin;
“a” kichik band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“paxta xom ashyosi yig‘im-terimi uchun — paxta xom ashyosi yalpi qiymatining 20 foizigacha yillik 10 foiz stavkada (shundan bank marjasi 2 foiz) 4 oyga kredit ajratiladi”;
“b” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“yer uchastkasiga egalik huquqi bo‘lgan paxta-to‘qimachilik klasterlarining paxta xom ashyosini yetishtirish xarajatlarini kreditlash uchun 18 oy muddatga (bunda kreditni qaytarish 13-oydan boshlanadi), 12 oylik imtiyozli davr va so‘nggi 6 oyda teng ulushlarda qaytarish sharti bilan, paxta xom ashyosi qiymatining 60 foizigacha, yillik 10 foiz stavkada (shundan bank marjasi 2 foiz) kredit ajratadi”;
“d” kichik banddagi “80 foizigacha (shundan 20 foizi paxta yig‘im-terimi xarajatlari uchun), yillik 10 foizda (shundan bank marjasi 2 foiz)” so‘zlari “80 foizigacha yillik 14 foiz stavkada, 60 foizigacha yillik 10 foiz stavkada (shundan bank marjasi 2 foiz)” so‘zlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi 181-band bilan to‘ldirilsin:
“181. Paxta xom ashyosini yetishtirish, terim va yakuniy hisob-kitob xarajatlarini kreditlash uchun Jamg‘arma kreditlari hisobidan tijorat banklar tomonidan ajratiladigan kreditlar doirasida sug‘urta shartnomalari bo‘yicha vositachilikni taqdirlash to‘lovlarini hisoblashga yo‘l qo‘yilmaydi”;
22-band quyidagi mazmundagi “v” kichik band bilan to‘ldirilsin:
“v) monitoring bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, ko‘rilgan choralar natijalari tijorat bankining viloyat boshqarmalari rahbarlari tomonidan har oyda, boshqaruv raisi tomonidan har chorakda bir marotaba yakuniy muhokama qilinadi.
Tegishli davrda qarz oluvchilar monitoring o‘tkazishga sharoit yaratmaganligi, qarshilik qilishlari oqibatida ajratilgan kreditlar bo‘yicha yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarning oldini olish maqsadida tijorat banki tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qonuniy chora ko‘rish bo‘yicha murojaat qilinadi”;
b) 2-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi 680-son qaroriga
2-ILOVA
Paxta xom ashyosini birja savdolari orqali sotishni tartibga solish to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom respublikada yetishtirilgan paxta xom ashyosini birja savdolariga qo‘yish, sotish va xarid qilish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llanadi:
avans — sotuvchi va xaridor tomonidan kiritiladigan, birja vositachilik yig‘imini va tomonlarning zakalatini o‘z ichiga oladigan mablag‘;
birja — “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ;
birja a’zolari — birja tomonidan belgilangan tartibda birja savdolarida ishtirok etish hamda diler va broker sifatida birja bitimlarini tuzish huquqiga ega bo‘lgan yuridik shaxslar;
Jamg‘arma — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi;
manipulyatsiya — birja savdolari ishtirokchilarining qo‘shimcha daromad olish maqsadida narxlarni sun’iy o‘zgartirishga, bir darajada ushlab turishga va boshqa ishtirokchilarning xatti-harakatlariga ta’sir etishga qaratilgan harakatlari, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va internet tarmog‘ida qasddan yolg‘on ma’lumotlar tarqatish;
sotuvchi — paxta xom ashyosini yetishtiruvchilar;
xaridor — birja savdolari orqali paxta xom ashyosini sotib oluvchi yuridik shaxslar;
fyuchers shartnomasi — tegishli yil hosilidan paxta xom ashyosini yig‘im-terim davrida yetkazib berish sharti bilan tuziladigan oldi-sotdi bitimi;
forvard shartnomasi — mahsulotni shartnomada belgilangan muddatda yetkazib berish sharti bilan tuziladigan oldi-sotdi bitimi;
spot shartnomasi — birja tovarlarini kechiktirmasdan (bir oy ichida) yetkazib berish sharti bilan tuziladigan oldi-sotdi bitimi;
standart birja kontrakti — birja tomonidan belgilangan tartibda kotirovkalash varag‘iga kiritilgan standart birja kontrakti;
e’lon qilinadigan narx — Nyu-York birjasida paxta tolasi fyuchers kotirovkalarining oxirgi 6 oydagi o‘rtacha kotirovkasi to‘g‘risida “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladigan ma’lumot;
23210 — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun ajratilgan maqsadli mablag‘lar hisobvarag‘i.
3. Mazkur Nizomga asosan sotuvchi tomonidan paxta xom ashyosi ichki bozorda muayyan hududdagi (viloyatdagi) paxta-to‘qimachilik klasteriga birjaning ikki tomonlama qarama-qarshi auksion tizimining alohida paxta seksiyasi orqali fyuchers, forvard shartnomasi asosida yoki to‘liq o‘z mablag‘i va/yoki tijorat krediti hisobidan yetishtirilgan paxta xom ashyosi yoki paxta xom ashyosini tegirmon usulida birlamchi qayta ishlash natijasida olingan mahsulotlar (tola, chigit, lint, o‘lik paxta) barcha xaridorlarga birja savdolari orqali erkin sotiladi.
Fyuchers shartnomasidan ortiqcha hajmda yetishtirilgan paxta xom ashyosi yoki uni qayta ishlash natijasida olingan birlamchi va ikkilamchi mahsulotlarni (tola, chigit, lint, o‘lik paxta) sotuvchi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri fyuchers shartnomasi tuzgan xaridorga sotish shartnomasi birjaning axborot portalida tuziladi va ushbu shartnoma bo‘yicha to‘lovlar birjaning hisob-kitob-kliring operatsiyalarini o‘tkazish (to‘lov hujjatlariga muvofiq pul o‘tkazish) qoidalari asosida amalga oshiriladi.
4. Birja xaridor tomonidan sotuvchiga yetkazib berilgan paxta mahsulotlari uchun amalga oshirgan to‘lovlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan tizim orqali soliq organiga taqdim etib boradi.
2-bob. Paxta xom ashyosini fyuchers, forvard shartnomasi asosida sotish
5. Xaridorlar har yili 1-noyabrdan boshlab paxta xom ashyosini forvard, fyuchers shartlarida sotib olish bo‘yicha kelgusi yil hosili uchun standart birja kontraktini ochishga ariza bilan birjaga murojaat qiladi.
Spot shartnomalarida sotuvchi tomonidan ariza bilan murojaat qilinadi.
6. Paxta xom ashyosining birja savdolari standart birja kontraktlari asosida amalga oshiriladi, bunda paxta xom ashyosi yetkazib beriladigan hudud, uning lot miqdori, navi, turi, sinfi (chigit navi) majburiy tarzda aks ettiriladi.
Standart birja kontrakti fyuchers, forvard savdolarida xaridorning, spot savdolarida sotuvchining arizasiga asosan ochiladi.
7. Paxta xom ashyosi birja savdolarida sotuvchi joylashgan hududdagi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoki tegishli viloyatlar bo‘yicha) paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan xarid qilinadi.
8. Birja savdolariga qo‘yilgan tovar umumiy qiymati va mo‘ljallanayotgan bitim hajmi bo‘yicha sotuvchi va xaridor tomonidan fyuchers shartnomasida 0,1 foiz miqdorida, forvard, spot shartnomasida 10 foizgacha zakalat mablag‘i birjaning hisob-kliring palatasidagi shaxsiy hisobvaraqlariga kiritiladi.
9. Birja a’zolari sotuvchi va xaridorning murojaatiga asosan birja savdolarining elektron tizimiga (keyingi o‘rinlarda — BSET) arizalarni joylashtirish orqali birja bitimlarini tuzadi.
10. BSETda sotuvchi va xaridorning buyurtmalarini birlashtirish natijasida tuzilgan bitimlar ro‘yxatga olinadi va so‘ngra BSETning dasturiy kompleksida bitimlar reyestri shakllantiriladi.
11. Bitim tuzilganidan so‘ng xaridor:
fyuchers shartnomasi doirasida paxta xom ashyosi qabul qilingan kundan boshlab uch ish kunidan kechiktirmasdan paxta xom ashyosi qiymatining 80 foizini, qolgan qismini moliya yilining 31-dekabriga qadar sotuvchining 23210 hisobvarag‘iga o‘tkazib beradi;
forvard shartnomasida ko‘rsatilgan muddat ichida paxta xom ashyosi qiymatini sotuvchining talab qilib olinguncha saqlanadigan depozit hisobvarag‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lab beradi. Bunda to‘lov muddati 15 ish kunidan kam bo‘lmasligi shart.
Sotuvchi va xaridor forvard shartnomasida nazarda tutilgan yuklash davri doirasida mahsulotni yuklash va to‘lovni amalga oshirish muddatini o‘zaro kelishadi.
Xaridor fyuchers, forvard shartnomasi doirasida qabul qilgan paxta xom ashyosi uchun to‘lovlarni belgilangan muddatda to‘lamaganda, kechiktirilgan har bir kun uchun fyuchers shartnomasi qiymatidan to‘lanmagan to‘lovning 0,1 foizi miqdoridagi penyani sotuvchiga to‘lab beradi.
12. Paxta xom ashyosining narxi (birinchi nav, ikkinchi sinf) Nyu-York birjasida paxta tolasi fyuchers kotirovkalarining oxirgi 6 oydagi o‘rtacha kotirovkasidan kelib chiqqan holda quyidagi formula asosida milliy valyutada (so‘m) aniqlanadi:
Bx=(Jn x Vk-Kx) x Tch+Imq
Bunda:
Bx — bir tonna paxta xom ashyosining milliy valyutadagi (so‘m) narxi;
Jn — bir tonna paxta tolasining Nyu-York birjasi o‘rtacha 6 oylik fyuchers kotirovkalarining oxirgi 6 oydagi o‘rtacha qiymatidan kelib chiqib aniqlangan AQSh dollaridagi o‘rtacha narxi (o‘rtacha fyuchers kotirovkasi x 22,046);
Vk — Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan 1 AQSh dollarining oxirgi 6 oydagi o‘rtacha valyuta kursi, so‘m/dollar;
Kx — paxta-to‘qimachilik klasterining bir tonna paxta tolasiga to‘g‘ri keladigan paxta xom ashyosini tayyorlash, tashish, saqlash va qayta ishlash bo‘yicha xarajatlari paxta tolasining Nyu-York birjasi o‘rtacha 6 oylik fyuchers kotirovkalari bo‘yicha AQSh dollaridagi o‘rtacha narxining 20 foizi miqdorida, so‘mda;
Tch — o‘rtacha tola chiqish koeffitsiyenti (33,5%);
Imq — bir tonna paxta xom ashyosiga to‘g‘ri keladigan ikkilamchi mahsulotning o‘rtacha 6 oylik qiymati, so‘mda (chigit chiqish koeffitsiyenti — 53%, lint — 4%, o‘lik paxta — 2%).
Yuqorida keltirilgan formula asosida aniqlangan o‘rtacha narxdan kelib chiqib, paxta xom ashyosi xaridining yakuniy hisob-kitoblari mazkur Nizomga 1-ilovadagi har bir sanoat navi, sinfi va tipi bo‘yicha koeffitsiyentlarni o‘rtacha narxga ko‘paytirgan holda amalga oshiriladi.
13. Quyidagilar:
paxta xom ashyosining nav va sinflar bo‘yicha narxini hisoblash koeffitsiyentlari 1-ilovaga muvofiq;
paxta tolasining tip va kodlar bo‘yicha narxini qayta hisoblash koeffitsiyentlari 2-ilovaga muvofiq aniqlanadi.
Xaridor paxta xom ashyo sini davlat standarti (O‘z DSt 615:2008) talablari asosida sifat ko‘rsatkichlariga (namlik, ifloslik) muvofiq qabul qiladi.
Paxta xom ashyosini qabul qilish jarayonida e’tirozlar yuzaga kelganda, sotuvchi hududdagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining malakali mutaxassislaridan iborat arbitraj guruhlariga murojaat qilishi va ularning xulosasini olishi mumkin.
14. Sotuvchi fyuchers, forvard shartnomasi doirasida paxta xom ashyosi bo‘yicha to‘lovlarni to‘liq qabul qilgandan so‘ng bir ish kuni ichida birjani to‘lovlar to‘liq amalga oshirilgan sana haqida xabardor qiladi.
Birja ushbu xabarnomada berilgan ma’lumotlarni soliq organi tomonidan taqdim etilgan elektron hisobvaraq-fakturalarga solishtirib tekshiradi.
15. Sotuvchi va xaridor fyuchers, forvard shartnomasida nazarda tutilgan yuklash davri doirasida paxta xom ashyosini yuklash muddatini kelishadi.
Bunda:
sotuvchi shartnomada belgilangan miqdordagi paxta xom ashyosini xaridorning tegishli omboriga yetkazib beradi.
16. Sotuvchi fyuchers, forvard shartnomasi doirasida paxta xom ashyosini xaridorga yetkazib berganligini hamda mahsulot uchun to‘lovlar amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni (birja bitimlari bo‘yicha to‘lov topshiriqnomalari, taraflar tomonidan to‘lovlar to‘liq bajarilganligini tasdiqlovchi kelishuvlar) taqdim etganda, birjada bitim yopiladi.
17. Amaldagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda fyuchers, forvard shartnomasi taraflaridan biriga nisbatan sud qaroriga ko‘ra to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish yuritish boshlangan taqdirda yoki taraf to‘lovga qobiliyatsiz deb topilganda, fyuchers shartnomasi ikkinchi tarafning talabiga asosan sud tartibida yoki belgilangan tartibda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan paxta-to‘qimachilik klasteri klasterlar reyestridan chiqarilganda bekor qilinadi hamda to‘lovga qobiliyatsiz taraf to‘g‘risidagi ma’lumot “Agroplatforma” AT axborot tizimidan chiqariladi.
Bunda paxta-to‘qimachilik klasteriga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish yuritish boshlangan taqdirda yoki u to‘lovga qobiliyatsiz deb topilganda belgilangan tartibda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan paxta-to‘qimachilik klasteri klasterlar reyestridan chiqarilganda:
shartnoma bekor bo‘ladi va zakalat pullari sotuvchi foydasiga jarima sifatida o‘tkaziladi;
paxta xom ashyosi birja savdolariga qayta sotuvga chiqariladi.
Bunda sotilmay qolgan paxta xom ashyosi yig‘im-terim davrida sotuvchilar tomonidan spot shartnomasi asosida sotiladi. Sotuvdan tushgan mablag‘lar sotuvchilarning 23210 hisobvarag‘iga yo‘naltiriladi.
3-bob. Paxta xom ashyosini spot shartnomasi asosida sotish
18. Sotuvchi tomonidan o‘z mablag‘i va/yoki tijorat krediti hisobidan yetishtirilgan paxta xom ashyosi birja savdolari orqali spot shartnomalari asosida sotiladi.
Bunda:
spot shartnomalari rasmiylashtirishni rejalashtirgan sotuvchilar har hosil yilining 1-martigacha (2025-yil hosili uchun 1-maygacha) mavjud paxta xom ashyosini saqlash omborlari (maskan) belgilangan talablarga javob berishi yuzasidan Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi va boshqa tegishli idoralar tomonidan berilgan xulosani yoki xuddi shunday xulosasi mavjud omborlar bo‘yicha paxta xom ashyosini vaqtincha saqlash yoki ushbu omborni ijara olish to‘g‘risida tuzilgan shartnomani “Agroplatforma” axborot tizimiga kiritishi shart;
paxta xom ashyosini vaqtincha saqlash yoki omborni ijaraga olish to‘g‘risida tuzilgan shartnomalari mavjud bo‘lmagan sotuvchilar yetishtiriladigan paxta xom ashyosi bo‘yicha har hosil yilining 1-martigacha forvard yoki 1-iyunigacha fyuchers shartnomasini rasmiylashtiradi.
19. Standart spot birja kontrakti sotuvchilar tomonidan birjaga taqdim etiladigan ariza hamda Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan berilgan sinov xulosasi asosida ochiladi.
20. Birja savdolari amaldagi qonunchilik hujjatlari va hisob-kitob-kliring operatsiyalarini o‘tkazish qoidalariga muvofiq o‘tkaziladi.
21. Sotuvchi va xaridor birja savdolarida mustaqil ravishda birja bilan tuzilgan bitimga muvofiq diler sifatida yoki broker nomidan treyderlar orqali mustaqil ishtirok etadilar.
22. To‘langan avans summasiga muvofiq har bir birja savdosi bo‘yicha sotuvchi va xaridorni birja savdolarga qo‘yish va ulardan chetlatish, birja savdolari g‘oliblarini aniqlash va birja bitimlarini ro‘yxatdan o‘tkazish BSETda amalga oshiriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
23. Tomonlar o‘z majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, ularga nisbatan tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi va birja savdolari qoidalariga muvofiq tegishli choralar qo‘llanadi.
24. Birja savdolarida narxlar manipulyatsiyasi ichki (insayderlik) ma’lumotlardan foydalanish va asossiz daromad olishning raqobatga zid boshqa usullaridan foydalanishning oldini olish qoidalari asosida nazorat qilinadi.
25. Birja savdolarini tashkil qilish, shartnomaviy majburiyatlarini bajarish va hisob-kitob-kliring xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida yuzaga keladigan bahs va kelishmovchiliklar birjaning arbitraj komissiyasi yoki sud tomonidan hal etiladi.
Bunda fyuchers, forvard shartnomasi mahsulot yetkazib berish muddatidan oldin taraflarning o‘zaro kelishuvi asosida yoki iqtisodiy sud orqali bekor qilinadi.
Fyuchers, forvard shartnomasi iqtisodiy sud tomonidan bekor qilingan taqdirda, qonuniy kuchga kirgan sudning hal qiluv qarori asosida fyuchers, forvard shartnomasi narxida mahsulot birja savdolariga qayta sotuvga chiqariladi.
26. Xaridor paxta xom ashyosini shartnomada belgilangan narxda sotib olishdan bosh tortganda, belgilangan muddatda to‘liq hisob-kitoblarni amalga oshirmagan, sotuvchi paxta xom ashyosini xaridorga shartnomada belgilangan shart va muddatda yetkazib bermagan taqdirda:
majburiyatlarni bajarmagan tomonning zakalat pullari jabrlanuvchi foydasiga jarima sifatida ushlab qolinadi;
tuzilgan fyuchers, forvard shartnomasi shartlari asossiz bajarilmaganda, sud qaroriga asosan birja bitimi bo‘yicha shartnoma qiymatining bajarilmagan qismining 25 foizi miqdorida jarima qo‘llanadi.
12. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-sentabrdagi “Paxta xom ashyosi yetishtiruvchilarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 574-son qarorida:
a) 2-bandda:
“birja savdolari orqali” so‘zlaridan keyin “2024-yil 31-dekabrga qadar” so‘zlari bilan to‘ldirilsin;
“mablag‘lari hisobidan” so‘zlaridan keyin “2025-yil 1-martgacha” so‘zlari bilan to‘ldirilsin;
beshinchi xatboshi “oshmagan qismini” so‘zlaridan keyin “2025-yil 1-martgacha” so‘zlari bilan to‘ldirilsin;
b) 4-banddagi “2024-yil 1-dekabrga qadar” so‘zlari “2024-yil 1-dekabrdan 2025-yil 1-fevralgacha” so‘zlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.01.2025-y., 06/25/7/0051-son)