Хоразм вилояти

Урганч тумани ҳокимлиги

Расмий веб сайти

Ишонч телефони
+998 (62) 352-28-43
info@urganchhokimiyat.uz
Мурожаат қолдириш

 

KOʻP BERILADIGAN SAVOLLARGA JAVOBLAR

     Fuqarolardan  koʻp beriladigan savollarga Urganch tuman adliya boʻlimi tomonidan doimiy tarzda onlayn javoblar berib borilishi yoʻlga qoʻyildi.

     Ushbu maqolalar orqali quyidagi savollarga javoblar olishingiz mumkin.

SOTIB OLGAN UYINGIZNI 3 YIL ICHIDA QAYTA SOTSANGIZ, SOLIQ TOʻLAYSIZ!

    Soliq kodeksining 378-moddasida jismoniy shaxslarning xususiy mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan mol-mulkni sotishdan olgan daromadlari soliqqa tortilmaydi deyilgan. Bundan noturar joylar va oʻttiz olti kalendar oydan kam muddatda soliq toʻlovchining mulkida boʻlgan turar joylar mustasno. Soliq solinadigan baza sifatida mulkning hujjatlar bilan tasdiqlangan sotib olish qiymati va sotish narxi oʻrtasidagi ijobiy farq hisobga olinadi.Sotib olish qiymatini tasdiqlovchi hujjatlar boʻlmagan taqdirda, mulkning kadastr qiymati va sotish narxi oʻrtasidagi ijobiy farq hisobga olinadi. Soliq kodeksi 375-modda.

     Masalan, 200 mln.ga sotib olingan kvartira bir yil oʻtib 250 mln.ga sotilsa, soliq solinadigan baza 250 - 200 = 50 mln.soʻm boʻladi. Bundan 50 x 12% = 6 mln.soʻm daromad soligʻi toʻlanadi. Agar kvartira 36 oydan keyin sotilsa, hech qanday soliq toʻlanmaydi.

  

XALQARO REYTINGDAN JOY OLGAN OTM BITIRUVCHILARI BOʻLGAN KADRLARGA QANDAY TARTIBDA VA QANCHA MIQDORDA USTAMA BELGILANGAN?

    Endilikda siz Xalqaro reytinglarning Top 500 talik roʻyxatiga kirgan OTMni tugatgan boʻlsangiz oʻzingiz bitirgan OTMning xalqaro reytingdagi  oʻrniga mos ravishda BHMning 15 barobaridan 40 barobarigacha miqdorda oʻz lavozim maoshingizga qoʻshimcha ustama haqi olishingiz mumkin.

    Mazkur qoida Oʻzbekiston prezidentining "Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi Farmonida keltirib oʻtilgan.

    Farmonda xalqaro eʼtirof etilgan reyting beruvchi tashkilotlar sifatida Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education, Academic Ranking of World Universitylar belgilangan. 

    Ushbu xalqaro reyting beruvchi tashkilotlar reytingida 301-oʻrindan 500-oʻringacha boʻlgan Xalqaro OTMni bakalavriat bosqichini tugatgan yosh kadrlar lavozim maoshiga BHMning 15 barobari (hozirda 4 950 000 soʻm) miqdorida, mazkur OTMlarning magistratura bosqichini bitirgan mutaxassislarga esa BHMning 20 barobari (6 660 000 soʻm) miqdorida ustama toʻlanadi.

    Agarda siz bitirgan OTM xalqaro reytingda 101-oʻrin va 300-oʻrin oraligida boʻlsa, ustama miqdori bakalavriat bitiruvchilari uchun BHMning 20 barobari (6 660 000 soʻm)ni, magistratura bosqichi bitiruvchilari uchun esa BHMning 30 barobari (9 900 000 soʻm)ni tashkil etadi.

    Reytingning 1-pogʻonasidan 100-pogʻonasigacha oʻrinni egallagan OTMning bakalavriat bitiruvchilari BHMning 30 barobari (9 900 000 soʻm) miqdorida hamda magistratura bosqichi bitiruvchilari esa BHMning 40 barobari (13 200 000 soʻm) miqdorida ustama olishlari mumkin.

    Oylik ustamalar 2021-yil 1-oktabrdan boshlab Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, ish beruvchi va yosh mutaxassis bilan 3 yilgacha boʻlgan muddatga tuzilgan shartnoma asosida yosh mutaxassisning lavozim maoshiga qoʻshimcha ravishda har oy toʻlab borilishi belgilangan.

    Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga esa oylik ustamalar tatbiq etiladigan taʼlim yoʻnalishlari, tor mutaxassisliklar hamda davlat organlari, tashkilot va muassasalari roʻyxatini shakllantirish vazifasi yuklatilgan.

 

 

BIR NECHTA SERTIFIKATI BOR OʻQITUVCHIGA USTAMA FAQAT BITTASI (YUQORIROGʻI) UCHUN TOʻLANADI

    Savol: Men matematika va informatika fanidan dars beraman. Malaka toifam ikkinchi. Savolim, menda matematika fanidan xalqaro sertifikat bor va men shu sertifikat uchun 50% ustama olmoqdaman. Agar, men matematika fanidan milliy sertifikat olsam, unga ham qoʻshilib (50+20=70%) ustama toʻlanadimi?

 

    Javob: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 11 maydagi PF-134-son Farmoning 9-g kichik bandiga koʻra, umumtaʼlim fanlari boʻyicha bir nechta sertifikatga ega boʻlgan pedagog kadrlarga har oylik qoʻshimcha ustama yuqoriroq ustama olish huquqini beruvchi sertifikat boʻyicha toʻlanadi.

 

    P.S. Bu oʻqituvchiga sertifikatlarning faqat bittasi uchun, yaʼni yuqoriroq ustama olish huquqini beruvchi xalqaro sertifikat uchun 50% ustama toʻlanadi degani.

 

Urganch tuman adliya boʻlimi yuridik xizmat koʻrsatish markazi

 

TASHKILOTLAR TOMONIDAN ARIZALARGA QANCHA VAQT ICHIDA JAVOB BERILISHI KERAK

 

    JAVOB: "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida"gi Qonunning 28-moddasiga asosan ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart boʻlgan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan eʼtiboran OʻN BESH KUN ichida, qoʻshimcha oʻrganish yoki tekshirish, qoʻshimcha hujjatlarni soʻrab olish talab etilganda esa, BIR OYGACHA boʻlgan muddatda koʻrib chiqiladi. Ariza va shikoyatlarni koʻrib chiqish uchun tekshirish oʻtkazish, qoʻshimcha materiallarni soʻrab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar koʻrish zarur boʻlgan hollarda, ularni koʻrib chiqish muddatlari tegishli davlat organining, tashkilotning rahbari tomonidan istisno tariqasida uzogʻi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.

    Yana bir holatni alohida eʼtiborga oling! Har doim ariza yozganingizda unga sana qoʻyishni unutmang. Chunki arizada oʻsha kungi sana boʻlmasa tashkilot oʻziga qachon kirim qilsa oʻsha kundan 15 kunlik muddat oʻta boshlaydi.

 

Urganch tuman adliya boʻlimi yuridik xizmat koʻrsatish markazi bosh yuriskonsulti

Jahongir Bekturdiyev