Хоразм вилояти

Урганч тумани ҳокимлиги

Расмий веб сайти

Ишонч телефони
+998 (62) 352-28-43
info@urganchhokimiyat.uz
Мурожаат қолдириш

 

 

KOʻP BERILADIGAN SAVOLLARGA JAVOBLAR

 

MASTLIK SABAB KASAL BO‘LGAN XODIMGA “BOLNICHNIY” TO‘LANMAYDI!

 

SAVOL: Bir xodimimiz o‘z mashinasida mastlik natijasida avtoavariya sodir qilgan va jarohatlanib, 20 kun ishga kelolmadi. O‘tgan xaftada kasallik varaqasi olib kelib bizga topshirdi. Hozir unga kasallik nafaqasini to‘lab berishimiz kerak ekan, shunda qancha miqdorda to‘lanishi haqida ma’lumot bersangiz oldindan rahmat.

JAVOB: Amaldagi qonun hujjatlari talablari ayni bu masalada xodim tomoniga yon bosmaydi.

⚖️Adliya vazirligi tomonidan 2002 yil 8 mayda 1136-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 23-bandiga asosan, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi quyidagi hollarda berilmaydi:

➖ishdan yoki boshqa vazifalardan bo‘yin tovlash maqsadida o‘z salomatligiga ataylab ziyon yetkazgan yoxud o‘zini kasallikka solganda;

➖ giyohvandlik yoki mastlik bilan bog‘liq harakatlar oqibatida, shuningdek, spirtli va giyohvandlik moddalarini iste’mol qilish natijasida kasallikka chalinganda (jarohatlanganda);

➖ jinoyat sodir qilish vaqtida jarohatlanganda;

➖ sud qarori asosida majburiy davolanishga yuborilganda (ruhiy kasallardan tashqari);

➖ hibsda bo‘lgan davrda;

➖ sud-tibbiyot ekspertizasidan o‘tish davrida.

Demak, ushbu qoidadan ko‘rib turibmizki, xodimga o‘zi mast holatda bo‘lganligi sababli jarohat olib kasal bo‘lgan davri uchun vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi to‘lanmaydi.

 

 

SAVOL: MAYDA BEZORILIK QILGAN SHAXS JABRLANUVCHI BILAN YARASHSA, JAVOBGARLIKDAN OZOD ETILISHI MUMKINMI?

 

Javob: Quyida nazarda tutilgan ma'muriy huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxs, agar u o'z aybiga iqror bo'lsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, ma'muriy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin:

- tuhmat;

-haqorat qilish;

-fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish;

-fuqaroga ma'naviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin bo'lgan ma'lumotlarni oshkor etish;

-shaxsiy hayot daxlsizligini buzish;

-yengil tan jarohati yetkazish;

-mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish;

-ekinzorlarni payhon qilish, qishloq xo'jalik ekinlarining dalada to'plab qo'yilgan hosiliga zarar yetkazish yoki uni yo'q qilib yuborish, ko'chatlarga shikast yetkazish;

-transport vositalari haydovchilarining yo'l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi;

-haydovchilarning yo'l harakati qoidalarini buzishi transport vositalarining yoki boshqa mol-mulkning shikastlanishiga olib kelishi;

-mayda bezorilik;

-o'zboshimchalik.

 Ammo yuqoridagi huquqbuzarliklarni 1 yil ichida takroran sodir etgan shaxs tomonlarning yarashuvi munosabati bilan ma'muriy javobgarlikdan ozod qilinmaydi.

  O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining

212-moddasi Yarashilganligi munosabati bilan ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 3 oktyabrda “Davlat tibbiyot muassasalarini kadrlar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 561-sonli qarori qabul qilindi.

 

 Qarorga bilan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tajriba-sinov tariqasida 2022-2023 o‘quv yilida:

- barcha tibbiyot va OTMlarning “Davolash ishi”, “Pediatriya ishi” va “Tibbiy-profilaktika ishi” yo‘nalishlari bitiruvchi kurslariga to‘liq stavkagacha oilaviy shifokor, tez tibbiy yordam shifokori va sanitariya bo‘limlarida shifokor sifatida;

- barcha tibbiyot OTMlar, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining magistratura va klinik ordinatura bitiruvchilari mutaxassisliklari bo‘yicha to‘liq stavkagacha ishlashi mumkin.

- “Davolash ishi”, “Pediatriya ishi” va “Tibbiy-profilaktika ishi” yo‘nalishlari bo‘yicha barcha bosqich talabalari fanlar va amaliy mashg‘ulotlarning nazariy qismini masofaviy o‘zlashtiradi.

- Sog‘liqlni saqlash vazirligi shifokorlarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlaydi va birinchi bosqichda 2022 yil 1 oktyabrdan Surxondaryo viloyatida, ikkinchi bosqichda esa 2022 yil 1 noyabrdan barcha hududlarda talabalarni vakant o‘rinlarga ishga joylashtiradi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, davlat tibbiyot muassasalarini kadrlar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish, tibbiyot oliy ta’lim muassasalari talabalarining tahsil olish jarayonida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishlari va munosib daromad olishlari uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish bilan birga, ularning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish va o‘qishdan bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

 

 

O‘ZBEKISTON KONSULLIGI ORQALI ELEKTRON RAQAMLI IMZONI OLISH MUMKIN.

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 29.07.2022-yildagi 413-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalari orqali elektron raqamli imzo berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Xorijda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari endi elektron raqamli imzo kaliti sertifikatini olish bo‘yicha davlat xizmatidan foydalanishlari mumkin.

O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari orqali elektron raqamli imzo berish tartibi to‘g‘risidagi nizom quyidagilarni belgilaydi:

• diplomatik vakolatxonalar konsullik bo‘limlari va konsullik muassasalariga murojaat qilish tartibi;

• ERI sertifikatini berish tartibi va uning amal qilish muddati;

• xizmat uchun konsullik yig‘imlari miqdori.

Konsullik muassasasi orqali ERI kalitlari sertifikatlarini ro‘yxatga olish va ularni berish vakolatli organ tomonidan idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimi orqali amalga oshiriladi. ERI sertifikatining amal qilish muddati u ro‘yxatga olingan vaqtdan boshlab 2 yildan oshmasligi kerak.

ERI kalitining sertifikati — bu o‘zida uning egasi to‘g‘risidagi axborotni saqlaydigan hujjat bo‘lib, unda egasining maqomi, rekvizitlari va vakolatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar shifrlangan. Sertifikat kalitning qo‘llanilishi uchun javobgar bo‘lgan muayyan shaxsga tegishliligini tasdiqlaydi. Hujjat elektron raqamli yoki qog‘oz shaklidagi variantlarga ega.

 

Urganch tuman adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i J.Atadjanov